Ozarbayjon harbiy delegatsiyasi Qurolli Kuchlar akademiyasiga tashrif buyurdi

0
1419

Bugungi kunda Oʻzbekiston qardosh turkiyzabon mamlakatlarning armiyalari bilan mudofaa sohasida kadrlar yetishtirib chiqarish borasida mustahkam hamkorlik aloqalarini oʻrnatib kelmoqda. Xususan, yurtimizdagi nufuzli oliy harbiy taʻlim muassasalarida qardosh mamlakat harbiylarini oʻqitish borasida bir qancha hamkorlikdagi ishlarning yoʻlga qoʻyilganligi fikrimizga dalil.

Joriy yilning 17-yanvar sanasida Ozarbayjon Respublikasi Mudofaa vazirligi Milliy mudofaa universiteti rahbari general-leytenant Geydar Periyev boshchiligidagi harbiy delegatsiya Qurolli Kuchlar akademiyasiga tashrif buyurdi. Dastlab harbiy delegatsiya vakillariga akademiyaning infratuzilmasi, taʼlim jarayonlari va oʻquv moddiy bazalari bilan yaqindan tanishtirib borildi. Yetakchi oliy harbiy taʻlim muassasasida harbiy xizmatchilarning kasbiy professional mahoratini takomillashtirish maqsadida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlarni mehmonlar alohida eʻtirof etishdi.

Mazkur tashrif davomida qardosh xalqlarning birdamligi, ikki davlat mudofaa idoralari oʻrtasida hamkorlikda olib borilayotgan harbiy taʼlim masalalarining joriy holati hamda istiqbollari yuzasidan oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida fikr almashildi.

Tashrif davomida, akademiyada yaratilgan sharoitlar, ijtimoiy va jangovar tayyorgarlik obyektlari, shuningdek, akademiya muzeyi Ozarbayjon vakillarida katta taassurotlar qoldirdi.

Shu kunning oʻzida Toshkent shahridagi ozar xalqining umummilliy yetakchisi, Ozarbayjon Respublikasining uchinchi prezidenti Haydar Aliyev barelyefi poyiga gul qoʻyish marosimi ham boʻlib oʻtdi.

Shundan keyin Ozarbayjon harbiy delegatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Gʻalaba bogʻi yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti